Yashil oliygoh
Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti barqaror rivojlanish, ekologik mas’uliyat va “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilagan zamonaviy oliy ta’lim muassasasidir. Institut “Yashil oliygoh” tashabbusi doirasida energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, suv resurslarini tejash va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Yashil energiya
Institut hududida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda kampusda jami 3 960 ta quyosh paneli o‘rnatilgan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 2,1 MVtni tashkil etadi. Ushbu tizim institutning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining taxminan 90 foizini qoplaydi.
Quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi belgilangan tartibda shahar elektr tarmog‘iga uzatiladi. Bu energiya xarajatlarini kamaytirish bilan bir qatorda atmosferaga zararli chiqindilarni qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Binolarda energiya tejamkor LED yoritish tizimlari, markazlashgan isitish va sovitish tizimlari hamda issiqlik izolyatsiyasi kuchaytirilgan infratuzilma joriy etilgan.
Suv resurslarini tejash
Institutda suv resurslaridan oqilona foydalanish choralariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan:
- qo‘l yuvish joylarida sensorli kranlar o‘rnatilgan;
- yashil hududlarni sug‘orishda ichimlik suvidan foydalanilmaydi, sug‘orish ishlari kanal suvlari hisobidan amalga oshiriladi;
- sprinkler sug‘orish tizimi joriy etilib, suv sarfi qat’iy reja asosida boshqariladi.
Mazkur chora-tadbirlar suv isrofini kamaytirish va tabiiy resurslarni asrashga xizmat qilmoqda.
Chiqindilarni boshqarish
Institut hududida chiqindilarni saralash va boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yilgan:
- plastmassa, qog‘oz, shisha va maishiy chiqindilar uchun alohida konteynerlar o‘rnatilgan;
- elektron chiqindilar (kompyuter, printer va boshqa texnika vositalari) alohida yig‘ilib, maxsus tashkilotlarga topshiriladi;
- chiqindilarni olib chiqish va nazorat qilish belgilangan grafik asosida amalga oshiriladi.
Kelgusida organik chiqindilarni kompostlash tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Kampus va yashil hududlar
Institut kampusi 5,22 gektar maydonni egallaydi. Hududning 45 foizi yashil maydonlardan iborat bo‘lib, kampusda 599 ta daraxt va butalar parvarish qilinadi. Yashil hududlar ekologik muhitni yaxshilash, talaba va xodimlar uchun qulay va sog‘lom makon yaratishga xizmat qiladi.
Ekologik boshqaruv va ta’lim
“Yashil oliygoh” tashabbusi doirasida institutda:
- ekologik siyosat ishlab chiqilgan;
- ekologiya va barqaror rivojlanish mavzularida targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi;
- talabalar ishtirokida ekologik loyihalar va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanadi.
Institut ekologik mas’uliyatni nafaqat infratuzilma, balki ta’lim va tarbiya jarayonining muhim qismi sifatida ko‘radi.
Maqsad
Institutning asosiy maqsadi — ekologik jihatdan barqaror, energiya tejamkor va sog‘lom kampusni shakllantirish hamda “Yashil oliygoh” tashabbusi doirasida milliy va xalqaro ekologik standartlarga mos yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lishdir.



